O’zbekiston Venchur Investorlar Assotsiatsiyasi venchur moliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Venchur Akademiyasi” video kursini taqdim etadi – UZVCA

O’zbekiston Venchur Investorlar Assotsiatsiyasi venchur moliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Venchur Akademiyasi” video kursini taqdim etadi

O’zbekiston Venchur Investorlar Assotsiatsiyasi (UZVCA) O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda venchur moliyalashtirish sohasini rivojlantirishga qaratilgan “Venchur Akademiyasi” video kursini taqdim etadi.

“Mamlakatimizda yetuk venchur sarmoyadorlarni, shuningdek, raqobatbardosh innovatsion startap loyihalarni ko‘paytirish maqsadida “Venchur Akademiyasi” video kursini yaratishga qaror qildik. Ushbu kurs venchur sohasining yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda o’z tajribalarimizdan kelib chiqqan holda yaratilgan bo’lib, unda venchur moliyalashtirish sohasidagi eng kerakli boshlang’ich tushunchalar va turli nazariyalar hayotiy keyslar orqali batafsil yoritilgan. UZVCA Assotsiatsiyasi nomidan ushbu kursni yaratish va amalga oshirishda ishtirok etgan barchaga, shu o’rinda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP)ga ushbu o’quv kursini yaratishda moliyaviy hamda amaliy ko’mak bergani uchun o’zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. “Venchur Akademiyasi” kursi mamalakatimizda venchur sohasi rivojlanishiga hamda muvaffaqiyatli sarmoyadorlar va startap asoschilarini yetishib chiqishiga katta hissa qo’shadi deb umid qilamiz.” Dilshod Zufarov, O’zbekiston Venchur Investorlar Assotsiatsiyasi raisi.

“Venchur Akademiyasi” videokursi venchur sohasining yetuk mutaxassislari va bugungi kunda o’z faoliyatini samarali olib borayotgan startap asoschilari amaliyotiga asoslangan holda yaratilgan bo’lib, ushbu kurs o’z tinglovchilariga venchur moliyalashtirish sohasi bo’yicha foydali va kerakli maslahatlar, muhim tavsiyalar va dastlabki bilimlarni o‘zbek tilida olish imkoniyatini taqdim etadi.

Kurs davomida tinglovchilar venchur sohasi va uning ishtirokchilari bilan tanishishlari, turli bosqichlarda sarmoya kiritiladigan loyihalarni baholash, dastlabki bosqichda tuziladigan shartnoma turlari va sarmoya kiritishdagi muhim mezonlar, investorlarga loyihani qanday tartibda taqdim etish va boshqa ko‘plab shu kabi foydali bilimlarni o’rganishlari mumkin.

Ushbu kurs venchur ekotizimining barcha ishtirokchilari, xususan, talabalar, bo’lajak tadbirkorlar va venchur kapital bozori izlanuvchilari, yosh investorlar va startap asoschilari uchun qiziqarli va foydali bo‘lib, venchur kapitalni moliyalashtirish sohasidagi bilimlarini oshirish va mustahkamlashga yordam beradi.

Kurs 12 ta darslikdan iborat bo’lib, quyidagi mavzularni o’z ichiga oladi:

  • 1. Kursga kirish
  • 2. Kursning qisqa tavsifi (1-qism)
  • 3. Kursning qisqa tavsifi (2-qism)
  • 4. Startup va venchur ekotizimi
  • 5. Venchur fondlari va ularning turlari
  • 6. Boshlang’ich bosqichlarda startapni baholash usullari
  • 7. Pitch Deck
  • 8. “Sug’urta Bozori” startapining prezentatsiyasi va tajribasi
  • 9. Turli bosqichlarda investitsion shartnoma turlari
  • 10. Term Sheet
  • 11. Due Diligence
  • 12. “Englify” startapi tajribasi

Videodarsliklar davomiyligi o’rtacha 15-20 daqiqani tashkil etadi.

“Venchur Akademiyasi” video-kursiga havola.

Share